svet-art-studiyasi

Old.Natlib.Uz 29.11.2014 – Milliy kutubxonada SVET-ART-STUDIYASI

Milliy kutubxonada SVET-ART-STUDIYAsi konserti
2014 yil 29 noyabr kuni  O‘zbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida SVET-ART-STUDIYAsi yetakchi artistlari va chexiyalik gitarachi-xonanda  Voytex Xledik ishtirokida bayram konserti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston, Chexiya va Slovakiyalarninng Mustaqillik kunlariga bag‘ishlangan «Mustaqillik va tinchlik nurlari ostida» deb nomlangan mazkur tadbirda o‘zbek, chex va slovak tillarida she'rlar va qo‘shiqlar yangradi. Xalqaro festivallar va mukofotlar laureati, shoira, dramaturg, Chexiya va Slovakiya madaniyati va sanati to‘g‘risidagi ko‘plab nashrlar muallifi Adel Chilyakova rahbarligidagi  mahoratli teatr aktyorlari va qobiliyatli maktab o‘quvchilaridan tarkib topgan SVET-ART-STUDIYAsi ko‘pdan buyon  muvaffaqiyat bilan o‘z konsertlarini namoyish etib kelmoqda. Shu sababli biz chex she'riyati, musiqasi va merosi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lib kelmoqdamiz.
Tadbir boshida  Adel Chilyakova mehmonlarga Chexiyaning maftunkor tabiati, geografik joylashishi, fan, texnika, madaniyat va adabiyot sohasida dunyoga dong‘i ketib, Nobel mukofotlariga sazovor bo‘lgan  mashhur insonlari Ya.Neruda, K.Chapek, Ya.Gashek, F.Kafka va boshq. haqida so‘zlab berdi. «Chexiya musiqiy san'ati ming yildan ziyod tarixga ega. A.Dvorojak, B.Smetana, L.Yanachek, B.Martinu kabi kompozitor va pianinochilarning nomlari, opera va estrada janri ijrochilari va musiqiy dastalar bugungi kunda butun dunyoga mashhur. Yevropa musiqiy hayotida ham chex musiqachilarining o‘rni beqiyosdir. Chex xalqida: har bir chex biroz musiqachidir, degan naql bor. Hatto, tarix sinovlari ham bu xalqning qo‘shiq va raqslari xarakteriga   o‘z soyasini sola olmadi», - deb nutqini yakunladi A.Chilyakova.
Konsertda  xalqaro festivallar laureatlari O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi talabasi Bobur Urazaliyev, V.A Uspenskiy nomidagi RMMAL o‘qituvchisi  Alina Alibekova, Operetta teatri yetakchi xonandasi  Olga Nugayeva, bard Andrey Soy va gitarachi-xonanda Baxtiyor Nuriddinovlar ijrosida o‘zbek, chex va slovak tillarida qo‘shiqlar yangradi.  Shuningdek, tomoshabinlar «Tasanno» mukofoti laureati,  O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi o‘qituvchisi Vitaliy Safronov va uning o‘quvchisi Ravshan Sagdullayev ijrosida musiqiy kompozitsiyalar va simfonik poemalardan parchalar tingladilar. Bayram kechasiga A.Chilyakovaning mualliflik she'rlari va tarjimalari o‘z-gacha ruh bag‘ishladi.


Рецензии